Sayyoramizda qancha suv mavjud?
12.11.2023
Bu sayyorada juda ko‘p suv bor! Yerda taxminan qancha miqdorda suv bor, ayta olamizmi? Xo‘sh, sayyoramizda 326 million trillion gallon (taxminan 1 260 000 000 000 000 000 000 000 litr) suv bor deya hisoblash mumkin. Bu suv doimiy aylanishda - u okeandan bug‘lanadi, havoda yuradi, quruqlikka yomg‘ir shaklida yog‘adi va keyin yana okeanga qaytadi. Ushbu maqolada biz dunyodagi suv miqdorini, jumladan, Moviy sayyorada qancha toza va qancha sho‘r suv mavjudligini batafsil ko‘rib chiqamiz.
Okeanlar juda yirik. Ular sayyoramizning qariyb 70 foiz qismini egallaydi va okeanning o‘rtacha chuqurligi taxminan 3,688 metrni tashkil qiladi. Sayyoradagi suvning qariyb 97 foizi okeanlar ulushiga to‘g‘ri keladi, shuning uchun shuncha miqdordagi suvimizdan tuzlanish tufayli ichimlik suvi sifatida foydalana olmaymiz.
Tinch okeani sezilarli farq bilan eng katta okeandir. Havza barcha qit’alarni sig‘dira oladi. Tinch okeanidan keyin kattaligi bo‘yicha ketma-ketlikni Atlantika okeani, Hind okeani, Janubiy okean va Shimoliy Muz okeani egallaydi.
Yerdagi chuchuk suv
Yerdagi suvning 3 foizdan kamrog‘ini chuchuk suv tashkil etadi, ammo sayyoradagi shu suvning taxminan 1,6 foizi suyuq holatda emas, u qutb muzliklarida “qamalgan”. Yana 0,36 foizi esa suvli qatlamlar va quduqlarda yer ostida joylashgan. Sayyoradagi umumiy suv ta’minotining atigi 0,036 foizi chuchuk suvli ko‘llar va daryolarda joylashgan yer usti suvlari ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu minglab trillion gallon miqdor mavjud bo‘lgan barcha suv bilan solishtirganda juda kichik ulushni tashkil qiladi.
Ko‘llar
So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra dunyoda 117 million ko‘l mavjud bo‘lib, ular yer yuzasining deyarli 4 foizini egallaydi (Grenlandiya va Antarktida muzliklaridan tashqari). Xususan, Qo‘shma Shtatlarda 1681 ta ko‘l bor, Rossiyadagi Baykal ko‘li hajmi va chuqurligi bo‘yicha eng katta chuchuk suvli ko‘ldir. O‘zbekiston hududida 509 ta ko‘l va suv omborlari bor.
Suv hamma joyda
Sayyoradagi suvning qolgan qismi havoda bulutlar va suv bug‘i sifatida suzadi, o‘simlik va hayvonlar tanasida yoki tuproq namligi sifatida yashirinadi. Inson tanasining 65 foizi suvdan iborat, shuning uchun agar siz 100 kilogramm vaznga ega bo‘lsangiz, sizning 65 kilogrammingiz suvdir.
Suv aylanishi
Suv aylanishi, shuningdek, gidrologik sikl deb ham ataladi, bu suvning Yer yuzasida, yuqorisida va ostida harakatini tavsiflovchi uzluksiz va dinamik jarayondir. U Yerning suv resurslarini taqsimlash va yangilashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Sikl bug‘lanish bilan boshlanadi, ya’ni Quyoshning issiqligi okeanlar, daryolar va ko‘llar kabi sirt manbalaridan suvning suv bug‘iga aylanishiga va atmosferaga ko‘tarilishiga olib keladi. Keyin bu bulutlarni hosil qilish uchun kondensatsiyalanadi. Shundan so‘ng yomg‘ir hosil bo‘ladi, bulutlardagi suv tomchilari birlashadi va yomg‘ir, qor yoki do‘l shaklida yerga tushadi. Bu suvning bir qismi suv oqimi orqali suv havzalariga qaytadi, boshqa qismi esa yerga singib ketadi. Oqimning bug‘lanishi siklni yangidan boshlaydi.
Iqlim o‘zgarishining ta’siri
Iqlim o‘zgarishi suv aylanishiga ta’sir qiladi va uning dinamikasini o‘zgartiradi. Iqlim o‘zgarishi dengiz sathi va yog‘ingarchilik shakllarining o‘zgarishiga olib keladi, bu esa ba’zi hududlarda kuchliroq yog‘ingarchilik hodisalariga va boshqalarida uzoq muddatli qurg‘oqchilikka olib keladi. Iqlim o‘zgarishi suv sifatiga ham ta’sir qilishi mumkin, bu suv havzalaridagi ifloslantiruvchi moddalar bilan bog‘liq.