Bizni nima kutmoqda? Suv inqirozi raqamlarda
13.11.2023
Sayyoramizning 70 foiz hududini suvliklar egallaydi va bu bizda suv doimo mo‘l bo‘ladi deb o‘ylashni osonlashtiradi. Biroq insoniyat iste’mol qiladigan, yuvinadigan, dalalar sug‘oriladigan chuchuk suvning dunyo bo‘ylab miqdori biz o‘ylagan kabi cheksiz emas. Yer yuzida mavjud suvning atigi 3 foizi chuchuk suv bo‘lib, uning uchdan ikki qismidan muzliklarda joylashganligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra foydalanish imkonsiz.
Natijada dunyo bo‘ylab qariyb 1,1 milliard odam suvdan foydalanish huquqidan mahrum bo‘lib, jami 2,7 milliard kishi yilning kamida bir oyida suv tanqisligini his qilmoqda. 2,4 milliard odam talabga javob bermaydigan sanitariya sharoitlaridan aziyat chekadi - ular vabo va tif isitmasi kabi kasalliklar va suv bilan yuqadigan boshqa kasalliklarga duchor bo‘lishadi. Birgina diareyaning o‘zidan har yili ikki million odam, asosan, bolalar vafot etadi.
Ekotizimlarning gullab-yashnashini ta’minlovchi va o‘sib borayotgan insoniyatni oziqlantiradigan ko‘plab suv tizimlari stressga duchor bo‘lmoqda. Daryolar, ko‘llar va suvli qatlamlar qurib ketmoqda yoki foydalanish uchun yaroqsiz, o‘ta ifloslangan holatda. Dunyodagi botqoq yerlarning yarmidan ko‘pi yo‘q bo‘lib ketgan. Iqlim o‘zgarishi butun dunyo bo‘ylab ob-havo va suv shakllarini o‘zgartirib, ba’zi hududlarda taqchillik va qurg‘oqchilikni, boshqalarida esa suv toshqinlarini keltirib chiqarmoqda.
Hozirgi iste’mol darajasida va tempida bu holat faqat yomonlashib boradi. 2025-yilga kelib dunyo aholisining uchdan ikki qismi suv tanqisligiga duch kelishi mumkin. Butun dunyodagi ekotizimlar esa bundan ham ko‘proq zarar ko‘radi.
Sabablar
Insoniyat dunyoning ko‘plab tabiiy suv yo‘llaridan muvaffaqiyatli foydalangan - to‘g‘onlar, suv quduqlari, ulkan sug‘orish tizimlari va sivilizatsiyalarning o‘sishi va rivojlanishiga imkon bergan boshqa inshootlar shular jumlasidandir. Ammo suv tizimlari tobora kichrayib bormoqda va ba’zi daryolar, ko‘llar va suvli qatlamlar qurib bormoqda.
Odamlar atmosferaga ko‘proq karbonat angidrid va boshqa issiqxona gazlarini chiqarishda davom etar ekan, butun dunyo bo‘ylab ob-havo va suv shakllari o‘zgarishda davom etadi. Ba’zi joylarda qurg‘oqchilik, boshqa joylarda suv toshqini ko‘payadi. Ayrim hududlarda muzliklar va qor to‘plamlari yo‘qolib, quyi oqimdagi jamoalarning chuchuk suv ta’minotiga ta’sir qiladi. Ushbu o‘zgarishlar butun dunyo bo‘ylab qishloq xo‘jaligi, energiya ishlab chiqarish, shaharlar va ekotizimlar uchun kamroq suv olishga sabab bo‘ladi.
Suvning ifloslanishi ko‘plab manbalardan, shu jumladan, fermalardan yuviladigan pestisidlar va o‘g‘itlar, tozalanmagan odamlarning oqava suvlari va sanoat chiqindilaridan kelib chiqadi. Hatto yer osti suvlari ham ifloslanishdan himoyalangan emas, chunki ko‘plab ifloslantiruvchi moddalar yer osti suv qatlamlariga tushishi mumkin. Ba’zi ta’sirlar darhol paydo bo‘ladi, masalan, inson chiqindilaridagi zararli bakteriyalar suvni ifloslantirib, uni ichish yoki suzish uchun yaroqsiz holga keltiradi.
Qishloq xo‘jaligi dunyoda mavjud bo‘lgan chuchuk suvning 70% idan foydalanadi, biroq uning 60%ga yaqini sug‘orish tizimlaridagi muammolar, qo‘llashning samarasiz usullari, shuningdek, ortiqcha sug‘orish tufayli isrof qilinadi. Suvdan behuda foydalanish daryolar, ko‘llar va yer osti suvli qatlamlarini quritmoqda. Ko‘p miqdorda oziq-ovqat ishlab chiqaradigan ko‘plab mamlakatlar, jumladan, Hindiston, Xitoy, Avstraliya, Ispaniya va Amerika Qo‘shma Shtatlari suv resurslari chegarasiga yetgan yoki shunga yaqin.
So‘nggi 50 yil ichida Yer aholisi soni ikki baravar ko‘paydi. Ushbu tez o‘sish - iqtisodiy rivojlanish va sanoatlashtirish bilan birga - butun dunyo bo‘ylab suv ekotizimlarini o‘zgartirdi va biologik xilma-xillikning katta yo‘qotilishiga olib keldi. Bugungi kunda dunyo aholisining 41%i suv stressi ostida bo‘lgan daryo havzalarida yashaydi. Ortib borayotgan aholi oziq-ovqat, boshpana va kiyim-kechakkaga ham muhtoj, bu esa tovar va energiya ishlab chiqarish natijasida yuzaga keladigan chuchuk suvga qo‘shimcha bosimni keltirib chiqaradi.
1900-yildan beri dunyodagi suv-botqoq yerlarning yarmi yo‘q qilingan. Sayyoradagi eng samarali yashash nuqtalaridan biri bo‘lgan suv-botqoq yerlar hayvonlarning, jumladan, sutemizuvchilar, qushlar, baliqlar va umurtqasiz hayvonlarning yuqori konsentratsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va bu turlarning ko‘pchiligi uchun pitomnik bo‘lib xizmat qiladi. Suv-botqoq yerlari, shuningdek, dunyo aholisining yarmining rasionidagi asosiy mahsulot bo‘lgan guruch yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Va ular insoniyat uchun foydali bo‘lgan bir qator funksiyalar, jumladan, suvni filtrlash, bo‘ronlardan himoya, suv toshqini nazorati funksiyalarini bajaradi.
Suv tanqis bo‘lganda tabiiy landshaftlar ko‘pincha yo‘qoladi. Markaziy Osiyodagi Orol dengizi bir vaqtlar dunyodagi to‘rtinchi yirik chuchuk suvli ko‘l edi. Ammo bor-yo‘g‘i o‘ttiz yil ichida dengiz Michigan ko‘lidek maydonni yo‘qotdi. Haddan tashqari ifloslanish, sug‘orish va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun suvning burilishi tufayli uning suvi hozir okean suvi kabi sho‘r. Dengiz chekinishi bilan ifloslangan yerlarni tark etdi. Ushbu ekologik halokat oziq-ovqat tanqisligini keltirib chiqardi va buning natijasida chaqaloqlar o‘limi ko‘paydi va yaqin atrofdagi aholining umr ko‘rish davomiyligi qisqardi.
Suv tanqisligi muammosi yildan yilga kuchayib bormoqda va zaruriy choralar dunyo miqyosida ko‘rilmas ekan, insoniyat halokat yoqasiga kelib qolishi muqarrardek.
Manba: https://www.worldwildlife.org/threats/water-scarcity
Bizni nima kutmoqda? Suv inqirozi raqamlarda
Yer yuzida mavjud suvning atigi 3 foizi chuchuk suv bo‘lib, uning uchdan ikki qismidan muzliklarda joylashganligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra foydalanish imkonsiz.
13.11.2023Sanoatda suvni qanday tejash mumkin?
2010-yilda sanoatda ishlatiladigan yer usti suvlarining 93%i chuchuk suv edi.
12.11.2023Nima uchun va qancha suv ishlatamiz?
Bir kunda qancha suv iste’mol qilayotganimizni bilish biz uchun o‘ta hayratlanarli bo‘lishi mumkin. Siz uyingozdagi dushingiz qancha suv ishlatishi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
11.11.2023