16.11.2023

Ko'z yoshlaring kim artar, Bo'zsuv?

“Ming to‘qqiz yuz o‘ttiz sakkizinchi yilning to‘rtinchi oktyabrida Bo‘zsuv yoqasida qatl etildi…” Bu jumlalarni ilk bor 5-sinfligimda eshitganman. Keyinchalik adabiyotga oid darsliklarda bot-bot duch keldim. Bolaligim, o‘smirligim aytarli to‘liq o‘zbek adabiyotini o‘qish bilan o‘tgan. 2 oy burun Toshkentga kelib, uning odamlar oqimi ko‘p, ko‘ngilochar  joylarini aylanib chiqishni boshladim. Lekin bu joylar mening asarlar orqali xayolimda jonlantirganim Toshkent chizgilari emas edi. Sentyabr oyining boshidan beri MediaDataLab jamoasining O‘zbekistondagi suv resurslarining holati, miqdori va sifatini o‘rganuvchi "Suv bormi?" loyihasi doirasida dastlab Surxondaryodagi suv havzalarini suratga oldim, endi esa Toshkent shahridagi suv havzalarini suratga olyapman. Toshkent xaritasidan suv bor joylarni izlarkanman ko‘zim Bo‘zsuv kanali, uning irmoqlariga tushib qoldi. Yuragim “shuuuuv” etdi: Bo‘zsuv, Bo‘zsuv, Bo‘zsuuuuuuv... Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy: “Men to‘g‘rilik yo‘lida bosh ketsa, “ih” deydirgan yigit emasmen”;

Ulug‘, qattiq ag‘darguvchi bir kurash, 
Yo bor bo‘lish, yo yo‘q bo‘lish, 
Yo‘q – yarash;

Yel yo‘lini to‘sib turgan eski bulutlarni 
Yondirib qo‘y, yirtib tashla, barchasin yo‘q et. 
Qilolmasang shu ishlarni,
Sening uchun xo‘rlikdir bu... 
Yiqil, yo‘qol, ket!

Soniyalar ichida shuurimdan shu kabi yod bo‘lib ketgan jumlalar o‘ta boshladi: Nega shu vaqtgacha esimga kelmadi-ya, ertagayoq boraman, dedim o‘zimga o‘zim. Yakshanba kuni Botanika bog‘idan chiqib, Murodjon bilan Shahidlar xiyoboniga — Bo‘zsuv tomonlarga piyoda yurib borishga kelishdik. Avvaliga katta trassa bo‘ylab, keyin mahallalar oralab yurdik. Bir oy “Toshkent city” yaqinida yashab, ko‘zim aland-baland „etaj“lardan charchagan ekanmi, hovlilar, ko‘cha eshigi peshtoqiga chiqarilgan ishkomlar, darvoza oldini suv sepib supurayotgan qizlar, sun’iy qoplama ustida emas, asfalt yo‘lda, tosh ko‘chalarda, tuproq yo‘llarda to‘p tepayotgan bolalarni ko‘rib yuragim allanechuk bo‘lib ketdi. Oldimdan “Bo‘zsuv mahallasi” degan yozuv chiqdi. Yaqin qoldi... Yurganim sari qadamim og‘irlasha boshladi. Uzoqdan Toshkent teleminorasi, men faqat suratlar-u, oyinayi jahonda ko‘rganim “Shahidlar xiyoboni” ning moviy gumbazi ko‘rindi. Yetib borgunimgacha ruhimni tuman egallaganini, ichimdan yig‘i ovozi kelayotganini “zumradrang suv”ga ko‘zim tushganidayoq his qildim. Biroz qotib turdim. Keyin asli maqsadim suratga olish ekanligi esimga tushib kamerani sozladim, suratga olish tugmasini bosdim: “Chiq-chiq”. Lekin qulog‘im ostidan asli boshqa ovoz kelayotgandi: “Paq-paaaq”. To‘lqinlar oynada “ularning” suratini ko‘rsatardi-yu, men ularning har birini o‘n qaytalab “otayotgan” edim.
Osmon ham bulut, ular ham yig‘lagisi kelsa yig‘lolmay, diqqi nafasi to‘lib turgan kimsani eslatardi. Men “o‘sha sanada yashayotgan edim”:

“Azon tovushini tinglayman — og‘ir.
Turkiston. Qora tun. Shamol va yomg‘ir”.
(Rauf Parfi)

Ha o‘sha qaro tunda, o‘sha mash’um kunda mana shu kanal bo‘yidagi qatlgohda Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon qatorida o‘zbekning 12 o‘g‘loni otib o‘ldirilgandi, kafansiz ko‘milgandi:

Zolimlar, mazlumlar, zulmlarning-da,
Qayg‘ular, alamlar, o‘lumlarning-da
Bariga uchradi, barchasin ko‘rdi,
O‘z yo‘qotganin izladi, so‘rdi.
Bir darak topmag‘ach, birdan-bir tikildi,
Bor kuchin to‘pladi.
Zolimning taxtini titratgan bir tovush
Qichqirdi:
— Otamning qabrini qay yonga yoshurding?!
Bot so‘yla!..—
(Rauf Parfi)

...O‘sha kunlari gripp edim, lekin uydan chiqqanimda yura olayotgandim. Uyga zo‘rg‘a yetib keldim. O‘sha kungacha shamollagan bo‘lsam ham, ta’mni, hidni sezayotgandim. Suv ichmoqchi bo‘lib oshxonaga kirdim, gazda ovqat qaynayapti, lekin hidi kelmaydi, choy ichaman ta’mi kelmaydi, tomog‘im suyak qadalganday og‘riq beradi. Qaytganimdan keyin joy solishga kuchim qolmasa kerak, degan o‘yda yig‘ishtirilmagan o‘rnimga cho‘zildim, boshimni ko‘rpaga o‘rab, ko‘zlarimni yumdim: Qorong‘i, tuman, shivalab yog‘ayotgan yomg‘ir, Bo‘zsuv, ko‘prik, men va Cho‘lpon:
Binafsha, senmisan, binafsha — senmi, 
Ko‘chada aqchaga sotilgan. 

Binafsha menmanmi, binafsha menmi, 
Sevgingga, qayg‘ungga tutilgan? 

Binafsha, nimaga bir ozroq ochilmay, 
Bir erkin kulmasdan uzilding?

Binafsha, nimaga hidlaring sochilmay, 
Yerlarga egilding, cho‘zilding? 

Binafsha, 
Ayt menga, 
Kimlardir, ularkim, 
Ignani bag‘ringga sanchalar? 
Binafsha, 
Bir so‘yla, 
U qanday qo‘llarkim, 
Uzalar, hidlaylar, yanchalar? 

Binafsha, shunchalar chiroyli yuzing bor, 
Nimaga uzoqroq kulmaysan? 

Binafsha, shunchalar tortguvchi tusing bor, 
Ko‘nglimga isriqlik to‘kmaysan?

Binafsha, yig‘lama, binafsha, kel beri, 
Qayg‘ungni qayg‘umga qo‘shgil. 

Binafsha, sen uchun ko‘kragim erk yeri, 
Bu yerdan ko‘klarga uchgil. 

Binafsha, go‘zalim, qayg‘ulim, kelmaysan, 
Qayg‘ung zo‘r, qayg‘umni bilmaysan, Menga bir kulmaysan...

... Oradan bir hafta o‘tdi. Shundan beri endi o‘zimga kelyapman…


Javhar Chorshanbiyeva

 

Foto