16.11.2023
Suv — yashillikning egizi yoxud Milliy bog‘ va uning ichidagi ko‘l haqida
Avvallari “Komsomol ko‘li” nomi bilan tanilgan ulkan ko‘lga ega bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ 1939-yilda ochilgan. Uning yaratilishida shahar aholisining o‘zi ishtirok etgan. Odamlar o‘z shaharlari markazida noyob yashil vohani qurish uchun hasharga chiqishgan ekan o‘sha vaqtlarda.
Bogʻ Toshkent shahridagi hududi bo‘yicha eng kattasi boʻlib, uning maydoni 65 gektarga teng va hozirda ular “Adiblar xiyoboni”, “Magic City” va yangilangan “Komsomolskiy” koʻli atrofida qayta qurilgan Milliy Bogʻga boʻlingan.
Plyaj bilan yangilangan ko‘lning maydoni 33 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Ko‘l bilan bog‘ 2017- yilning kuzida rekonstruksiya uchun yopilib, 2022-yilning avgustida aholi uchun qayta foydalanishga topshirilgan.
Ma’muriy bino, restoranlar qurilib, ko‘priklar va yo‘laklar yangilangan. Suv sizib chiqmasligi va loyqalanmasligi uchun ko‘l tubiga maxsus qoplamalar yotqizilgan. Qirg‘oqlar tartibga keltirilib, cho‘milish havzasi tashkil etilgan. Mingdan ziyod daraxt, 200 mingga yaqin buta ko‘chatlari ekilgan.
Salkam 5 yil davomida yopib qo‘yilgan bog‘da qurilish-rekonstruksiya ishlari tufayli bir necha o‘nlab, ehtimol yuzlab daraxt-butalarga zarar yetkazilgan bo‘lsa-da, uning bugungi holati, qayta tiklangan ko‘l, yashillik ko‘zni quvnatadi. Garchi nazoratchilar ta’sir ostida bo‘lsa-da, insonlarning tabiatga ongli munosabatini ko‘rib ich-ichingizdan suvni ifloslantirmasdan, yurgan yo‘liga chiqindi tashlamasdan, daraxt va butalarga, maysalarga shikast yetkazmasandan ham yashasa bo‘lar ekan-ku, degan ovoz keladi.
Javhar Chorshanbiyeva