14.11.2023

Cho’milish mumkin emas, lekin axlat tashlasa bo’ladi(mi?)

Erta tong, yaxshi kayfiyat bilan uydan chiqasan. Ob-havo ham maxsus buyurtma qilinganidek…

Bir qarashda hammasi joyida ko’rinadi. Biroq uying oldidan oqib o’tuvchi kanalda bir uyum axlat yig’ilib qolganini ko’rib, ta’bing xira tortadi. Kanalga tushib, uni tozalay desang ishga shoshyapsan, shunchaki o’tib ketsang, o’sha axlatni tashlaganlardan farqing qolmaydi. Menda ham shunday bo’ldi.

Ertalabdan ishga ketayotsam, “Dream Park”ning shundoqqina biqinidan oqib o’tuvchi kanalda bir uyum plastik idishlar-u, turli xil chiqindilar yig’ilib qolganini ko’rdim. Shu payt ko’zim “Cho’milish mumkin emas” degan yozuvga tushdi. Rosti ham chiqindi to’la kanalda cho’milish mumkin emas-da deb o’yladim. Qo’limdagi telefonda bir nechta suratga olib, mutasaddilarga yetib borar degan ishonch bilan ijtimoiy tarmoqdagi sahifamga joyladim.

Natija ham kutilganidek bo’ldi. Ekologiya vazirligidan bir xodim menga bog’lanib, muammo bartaraf etilganini aytdi. Xursand bo’ldim.

Xulosa shuki, tabiat barchamizniki, uning tozaligiga qaysidir davlat tashkiloti emas, shu vatanda yashaydigan har bir fuqaro birdek mas’ul bo’lishi kerak.

Karim Zaripov

Foto