15.11.2023
Sherobod daryosi haqida
Sheroboddaryo — Amudaryoning oxirgi oʻng irmogʻi hisoblanib, Irgʻoyli va Qizilsoy daryolarining qoʻshilishi natijasida hosil boʻladi.
Daryo Boysun togʻining dengiz sathidan 3922 metr balandlikdagi qismidan boshlanadi.
Mazkur daryo Machay qishlogʻiga yetguniga qadar Machaydaryo, u yerdan Sherobod shahrigacha boʻlgan hududda Sheroboddaryo, Sherobod shahridan quyilish joyiga qadar esa Qorasuvdaryo (yoki Qorasuv) deb nomlanib kelinadi. Machaydaryo koʻp manbalarda soy sifatida tilga olinadi.
Uning uzunligi 1086 metrni tashkil etib, Sangchil va Sisanaga qishloqlari hududidan oqib oʻtadi. Sherobod daryosi boʻyida, Shimoliy Baqtriya hududida joylashgan hamda aholining janubi-gʻarbdan koʻchishi natijasida vujudga kelgan Boʻston va Jarqoʻtan qabristonlari, shuningdek Jarqoʻton aholi yashash punkti joy olgan. Bu manzilgoh Baqtriya-Margʻiyona arxeologik majmuasining Sopolli varianti (Sopolli madaniyati) bilan bogʻliqligi aniqlangan.
Daryoning umumiy uzunligi 177 km ni tashkil etadi. Suv havzasining umumiy maydoni esa 2950 km² ga teng. Bu daryoda oʻrtacha suv sarfi may oyida 20,6 m³/sek. ni, iyul oyida 18,3 m³/sek. ni tashkil qiladi. Togʻlardan chiqish yeridagi oʻrtacha suv sarfi esa 7,5 m³/sek ga teng.
Suv oqimi yil davomida notekis taqsimlangan. Sheroboddaryo asosan qor-yomgʻir suvlaridan toʻyinganligi uchun ham, odatda aprel-may oylarida toʻlib oqadi. Quyi oqimida daryo sayozlasha boradi, oʻzani meanderlarni hosil qiladi. Amudaryoga esa Shoʻrob qishlogʻidan taxminan 280 m uzoqlikda quyiladi.
Javhar Chorshanbiyeva