14.11.2023

Abadiyatga dahldor daryo

Termizning janubiga qarab yurilsa, yaqin yillarda bunyod etilgan mahalliy aholi tili bilan aytganda “Sohil” ga yo‘lingiz tushadi. “Amudaryo” BSO va “Baxshilar maktabi” sohilning insonlar qadami eng ko‘p tegadigan joylaridan. Shu ikki manzil o‘rtasidagi yo‘ldan janubga tomon taxminan 500 metr yurilsa, to‘g‘rida uzoqroqdan yiltillab nimadir ko‘rinadi. Bu quyoshda yolqinlanib ko‘rinayotgan suv to‘lqini. Yaqinroq borib qaralsa anchagina katta hajmdagi suv havzasiga duch kelamiz. Bir tomonda chanqovuz va do‘mbira ohangiga jo‘r bo‘lib kuylanayotgan termalar, bir tomonda kenglikda o‘zan bo‘ylab yastanib oqayotgan — Surxondaryo. 

Termiz O‘zbekistonning eng chekka janubiy nuqtasi, shu bilan bilgalikda yurtimizning eng qadimiy sivilizatsiya o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Sivilizatsiya va alohining o‘troqlashishini esa suv havzalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Surxondaryoning shu yerlik aholining madaniylashuvida hissasi katta.

U Hisor tog‘ tizmasi g‘arbiy qismining janubiy yon bag‘ridan boshlanuvchi To‘polondaryo bilan Qoradaryoning qo‘shilishidan vujudga keladi. So‘ng 196 km masofada oqib o‘tib, Amudaryoga kelib quyiladi. Surxondaryoga yirik irmoklardan yana Sangardakdaryo bilan Xo‘jaipok daryolari qo‘shiladi. Bir qancha mayda irmoqlaridan tashqari yozda deyarli qurib qoladigan soy va jilg‘alar ham bor. Ulardan eng yiriklari Vaxshivordaryo (24 km), Konikon (32 km), Oqqopchig‘ay (61 km), Oqjarsoy (51 km) va Boysun (82 km) soylaridir. 

Surxondaryo Boysun tog‘lari bilan Bobotog‘ oralig‘ida eni 30 km keladigan keng Surxon-Sherobod vodiysi bo‘ylab oqadi. Surxondaryo o‘zani hamma qismida tez yemiriluvchan yumshoq jinslardan tuzilgan. Shu sababdan Surxondaryoning o‘zani tez-tez o‘zgarib turadi. Quyi qismida daryo keng qayir bo‘ylab "daydib" oqadi, natijada eski o‘zan va ular orasidagi orollar yo‘qolib, yangilari paydo bo‘ladi. Qirg‘oqlari yemirilishi va o‘pirilib tushishi sababli ko‘p joylarda tik jarlik shaklini olgan.

Surxondaryo asosan, qor va muz suvlaridan to‘yinadi. Shu sababli to‘lin suv davri mart-iyun oylariga to‘g‘ri keladi. Bu davrda yillik suv sarfining taxmiman 65.2 foizi oqib o‘tadi. Eng kam suv sarfi sentyabr-oktyabr oylariga to‘g‘ri keladi. Yillik suv sarfi (Qorovultepa qishlog‘i yonida) sekundiga 70.2 metr kvadrat. Daryo suvi loyqa. Morguzar qishlog‘i yonida 1 metr kubda 2.9 kg loyqa bor.

Surxondaryo suvidan to‘laroq foydalanish va yangi yerlarni o‘zlashtirish maqsadida Surxondaryo vodiysida suv omborlari va kanallar qurilgan. Surxondaryo havzasida ishlab turgan irrigatsiya tarmoqlarining umumiy uzunligi 3164 km, kollektorzovurlar esa 1360 km. Shulardan eng yiriklari: Zang, Hazorbog‘, Qumqo‘rg‘on, Kakaydi kanallari va boshqa; Uchqizil, Degrez va Janubiy Surxon suv omborlari qurilgan. Surxondaryo vodiysi yondosh Sherobod vodiysi bilan qo‘shilib ketgan. Surxondaryoning suvi Surxon-Sherobod kanali va Janubiy Surxon suv ombori orqali sug‘orishga sarflanmoqda.

Surxondaryoda havaskor ovchilar yoz va kuz oylarida mavsumiy baliq ovi bilan ham shug‘ullanishadi. Daryoning aholi turar joylariga yaqin ba’zi hududlari chiqindi bilan ifloslangan. Shu sababli Surxondaryoning aholi istiqomat qiluvchi hududlarga yaqin qismlarida «Chiqindi tashlash taqiqlanadi», «Avtomobillarni yuvish taqiqlanadi» kabi belgilar qo‘yish tavsiya etiladi.


Javhar Chorshanbiyeva

Foto