15.11.2023

Buloqlar — qishloqning jon tomiri.

Zarabog‘ — Surxondaryoning janubi-g‘arbiy qismida O‘zbekistonni Turkmaniston ajratib turuvchi Ko‘hitang tog‘i etaklarida joylashgan mo‘jazgina qishloq. Qishloq ming yildan ortiq tarixga egaligi, so‘lim tabiati, buloqlari bilan butun viloyatga tanilgan.
Shu yerlik yoshi katta bobo-buvilarning aytishlaricha, qishloq nomi ham “zar” va “buloq” so‘zlarining qo‘shilishidan hosil bo‘lgan.
Ushbu buloqlar aholini 4 fasl davomida toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydi, hududning asosiy suv manbasi — mana shu buloqlar. Buloq suvidan ichimlik suvi sifatida foydalanishdan tashqari, xo‘jalik ishlarida ham foydalaniladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qishloqda 20 dan ortiq katta-kichik buloqlar bo‘lib, yozda muzdek, qishda iliq suv qishloqqa tashrif buyuruvchilarning, o‘tgan-ketgan mehmonlarning ham joniga oro kiradi. Bu buloqlar sirasiga Chuqurbuloq, Qayiqbuloq, Qo‘tirbuloq va boshqa nomdagi buloqlarni kiritish mumkin.
Bundan tashqari, bu yerdagi buloq suvidan tibbiy maqsadda, ya’ni hazm qilish bilan bog‘liq muammolar — oshqozon-ichak, o‘t-jigar kasalliklarni bartaraf etish uchun ham foydalanishadi. Bir so‘z bilan aytganda, buloqlar — qishloqning jon tomiri!


Javhar Chorshanbiyeva

Foto