13.11.2023

Amu-Zang kanalidan qanday maqsadda foydalaniladi?

Amu-zang kanali, Amu-Zang mashina kanali — Surxondaryo viloyatidagi sugʻorish kanali.

U Amudaryoning oʻng qirgʻogʻidan, Surxondaryoning quyilish joyidan 16 km yuqoridan suv oladi. Amudaryo suvini Zang gidrouzeli yuqori bʼefiga koʻtarib beradi.

1973-yilda qurilgan. Uzunligi 56 km, suv oʻtkazish imkoniyati 20 m³/s. Suvni maksimal koʻtarib berish balandligi 77 m (ikki bosqichda). Kanal tarkibiga ikkita bir xil tipdagi nasos stansiyalari kiradi. Amu-Zang 1- nasos stansiyasi suvni daryodan 500 m uzunlikdagi taʼminlovchi kanal orqali oladi, koʻtarish balandligi 33 m, 16 nasos agregati oʻrnatilgan, umumiy quvvati 10 ming kVt; Amu-Zang 2- nasos stansiyasining suvni koʻtarib berish balandligi 44 m, quvvati 12,8 ming kVt.

Amu-Zang kanali ishga tushirilishi Surxondaryo viloyatining janubida Zang magistral kanalidan sugʻoriladigan 20 ming gektar yerni Amudaryo suvi bilan sugʻorish imkoniyatini yaratdi. Ya’ni kanal Amudaryodan suv olib, Surxondaryo vohasining janubiy qismida joylashgan Jarqo‘rg‘on, Angor, Termiz, Muzrabod tumanlaridagi ekin maydonlarini suv bilan ta’minlaydi.

Javhar Chorshanbiyeva

Foto